
Telegram ijtimoiy tarmog‘ida berilgan murojaatga munosabat (https://t.me/soyalar_xabari/29794): (https://t.me/soyalar_xabari/24886)
Andijon davlat universiteti mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 824-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 8-bobi 41-bandiga muvofiq, bir fanga ajratilgan auditoriya soatlarining 25 foizi va undan ortiq qismini uzrli sababsiz qoldirgan talaba mazkur fandan chetlashtiriladi hamda yakuniy nazoratga kiritilmaydi. Shuningdek, yakuniy nazoratga kiritilmagan yoki unda ishtirok etmagan, yoxud ushbu nazoratdan qoniqarsiz baho olgan talaba akademik qarzdor hisoblanadi.
Mazkur nizom talablariga ko‘ra, akademik qarzdor talabalar ta’til davrida yoki keyingi semestrlar davomida o‘zlashtirilmagan fanlarni tegishli tartibda qayta o‘qish huquqiga ega. Bunda o‘zlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mutanosib ravishda bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoridan kelib chiqib belgilangan to‘lov amalga oshirilgach, talabaning tegishli fanlarni qayta o‘qishi va o‘zlashtirishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Andijon davlat universitetida akademik qarzdorligi mavjud talabalar uchun qayta o‘qish jarayonlari amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar hamda universitetning ichki tartib-qoidalari asosida belgilangan tartibda tashkil etilib, amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, 2025/2026-o‘quv yili davomida akademik qarzdorligi mavjud talabalar uchun universitet rektorining 2026-yil 2-martdagi “Qayta o‘qishni tashkil qilish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 111-son buyrug‘iga asosan mart oyida hamda 2026-yil 25-maydagi “Qayta o‘qishni tashkil qilish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 290-son buyrug‘iga asosan iyun oyida qayta o‘qish jarayonlari tashkil etilgan.
Mazkur jarayonlarda akademik qarzdor talabalarga o‘zlashtirilmagan fanlarni qayta o‘qish, belgilangan tartibda nazoratlarni topshirish hamda akademik qarzdorlikni bartaraf etish uchun zarur imkoniyatlar yaratib berilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, talabaning muayyan fandan akademik qarzdorligi mavjudligi uning universitetdan chetlatilganligini anglatmaydi. Amaldagi tartibda bunday talabalar uchun o‘zlashtirilmagan fanlarni qayta o‘qish va tegishli kreditlarni o‘zlashtirishning belgilangan mexanizmlari mavjud.
Universitet talabalarning murojaatlarini xolis va qonuniy asosda ko‘rib chiqish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda ta’lim olishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishni o‘z faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan.
Shu sababli murojaatda keltirilgan har bir holatga huquqiy va faktik jihatdan xolis baho berish, mavjud masalalarni amaldagi tartib va qonunchilik talablari asosida hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
Andijon davlat universiteti talabalar va ularning ota-onalarini yuzaga kelgan masalalarni ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilishdan avval universitetning tegishli mas’ul xodimlariga yoki rahbariyatiga murojaat qilishga, muammoli holatlarni belgilangan tartibda birgalikda ko‘rib chiqishga chaqiradi.
Universitet talabaning ta’lim olish huquqi, qonuniy manfaatlari va akademik mas’uliyatini ta’minlash masalasida amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qiladi.