Diqqat! Sayt sinov (test) rejimida ishlamoqda.
Eski talqin
Yangilik

Narkojinoyatlarning oldini olish va yoshlarni giyohvandlik xavfidan himoya qilishning huquqiy asoslari takomillashtirilmoqda

13-avgust, 2026-yil473 ko'rildiTadbir sanasi: 14-iyun, 2026-yil

Narkojinoyatlarning oldini olish va yoshlarni giyohvandlik xavfidan himoya qilishning huquqiy asoslari takomillashtirilmoqda

Bugungi kunda giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish, aholining salomatligini muhofaza qilish, ayniqsa, yosh avlodni ushbu ijtimoiy xavfli illatdan himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, narkotik vositalar, ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishda milliy qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, narkojinoyatlar uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish, jinoyatlarning yangi va xavfli shakllarini huquqiy jihatdan qamrab olish, shuningdek, voyaga yetmaganlar hamda ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarni giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ta’siridan muhofaza qilishga qaratilgan yangi normalar joriy etilmoqda.

Narkojinoyatlar uchun javobgarlikning yangi shakllari

Takomillashtirilayotgan qonunchilik normalarida narkotik vositalar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq ijtimoiy xavfli qilmishlarning oldini olishga qaratilgan yangi javobgarlik choralari nazarda tutilmoqda.

Xususan, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriyani tashkil etish, uning faoliyat yuritishini ta’minlash yoki bunday faoliyatga ko‘maklashish uchun 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, mansab vakolatlaridan foydalanib narkojinoyatlarga homiylik qilish yoki ularning fosh etilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida tegishli ma’lumotlarni muntazam ravishda yetkazib turish kabi qilmishlar ham 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.

Bangixona tashkil etish yoki saqlash bilan bog‘liq qilmishlar uchun esa 3 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda. Ma’muriy javobgarlik sohasida ham muhim o‘zgarishlar ko‘zda tutilib, narkotik vositalarni jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi joriy etilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli alohida yangi bob kiritilishi ham mazkur sohadagi jinoyat-huquqiy himoyaning institutsional asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu bob doirasida 16 ta moddaning nazarda tutilishi narkotik vositalar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq ijtimoiy xavfli qilmishlarni huquqiy jihatdan yanada tizimli tartibga solish imkonini beradi.

Narkojinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi normalar

Qonunchilikdagi muhim yangiliklardan yana biri narkojinoyatlarning sodir etilish usuli, ko‘lami va ijtimoiy xavflilik darajasini inobatga olgan holda javobgarlik choralarining differensiallashtirilayotganidir.

Jumladan, narkojinoyat sodir etgan shaxslarni jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda. Narkotik vositalarni uyushgan guruh tarkibida, transmilliy usulda yoki internet tarmog‘idan foydalangan holda tarqatish kabi yuqori ijtimoiy xavfli qilmishlar uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni jazoni ijro etish muassasalarida yoki internet tarmog‘i orqali muomalaga kiritish uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Ayrim toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasini ko‘p miqdorda yoki takroran sodir etish uchun esa 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.

Ayniqsa, narkotik vositalar yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etish natijasida inson o‘limi yoxud boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqqan hollarda javobgarlikning kuchaytirilishi inson hayoti va salomatligini jinoyat-huquqiy muhofaza qilishning ustuvorligini yanada ta’minlaydi. Bunday holatlar uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Voyaga yetmaganlar va talabalarni narkotik tahdiddan himoya qilish

Mazkur qonunchilik islohotlarida voyaga yetmaganlar va yoshlarni narkotik vositalar hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning salbiy ta’siridan himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu, avvalo, yoshlarning jismoniy va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash, ularning sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda narkotik moddalarning yoshlar muhitiga kirib kelishining oldini olish bilan bevosita bog‘liqdir.

Yangi normalarga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslarni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun bevosita jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda. Ilgari bunday holatlarda dastlab ma’muriy, keyinchalik esa jinoiy javobgarlik qo‘llanilgan bo‘lsa, yangi tartib mazkur qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasini to‘g‘ri baholash va unga nisbatan qat’iy huquqiy choralar ko‘rish imkonini beradi.

Ta’lim muassasalari, talabalar turar joylari hamda bolalar oromgohlarida voyaga yetmaganlarni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etish uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Shuningdek, voyaga yetmagan shaxs ishtirokida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish maqsadida tayyorlash, tashish yoki tarqatish kabi qilmishlar uchun ham javobgarlik sezilarli darajada kuchaytirilmoqda.

Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni ta’lim muassasalari hududida muomalaga kiritishning og‘irlashtiruvchi holat sifatida e’tirof etilishi ham yoshlar xavfsizligini ta’minlash nuqtayi nazaridan alohida ahamiyatga ega. Bunday qilmishlar uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Umuman olganda, narkojinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish sohasidagi mazkur qonunchilik yangiliklari jinoyat-huquqiy siyosatni zamonaviy tahdidlar va jinoyatchilikning yangi shakllariga moslashtirishga qaratilgan. Ayniqsa, uyushgan va transmilliy jinoyatchilik, internet tarmog‘i orqali narkotik vositalar hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni noqonuniy tarqatish, shuningdek, yoshlarni mazkur moddalarni iste’mol qilishga jalb etish kabi ijtimoiy xavfli holatlarga nisbatan javobgarlikning kuchaytirilishi muhim profilaktik ahamiyatga ega.

Mazkur normalarning asosiy maqsadi faqatgina jazo choralarini kuchaytirishdan iborat bo‘lmay, balki narkotik vositalar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish, aholining, xususan, yoshlarning salomatligi va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, jamiyatning sog‘lom ijtimoiy muhitini muhofaza qilishdan iborat. Shu jihatdan, narkojinoyatlarga qarshi kurashda huquqiy mexanizmlarning takomillashtirilishi profilaktik, institutsional va ma’rifiy chora-tadbirlar bilan uyg‘un holda olib borilishi jamiyatda sog‘lom va barqaror ijtimoiy muhitni shakllantirishning muhim omili hisoblanadi.

Andijon davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori, yuridik fanlari doktori, professor

Talantbek Madumarov